Dobersek Engineering Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati uchun 92 million dollar turadigan yangi pech quradi

Germaniyaning Dobersek Engineering kompaniyasi “Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati”AJ mis eritish zavodida 92 million dollar turadigan pech qurilishiga kirishdi. Ayni paytda kompaniya loyiha hujjatlarini ishlab chiqmoqda, jihoz yetkazib berish boshlangan, qurilish-montaj ishlarini olib borishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Loyiha yiliga 17 ming tonna misni qayta ishlashga mo‘ljallangan yangi avtomatik mis eritish pechini tayyor holda topshirishni ko‘zda tutadi. Germaniya kompaniyasi bilan shartnoma 2014-yil may oyida tuzilgan bo‘lib, uning bajarilish muddati bir yildan iborat. Loyihani moliyalashtirish O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda banklar krediti, shuningdek, kombinatning o‘z mablag‘i hisobiga amalga oshiriladi.

Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati O‘zbekistonda yagona mis ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Shuningdek, respublikada ishlab chiqarilayotgan kumushning 90%, oltinning 20 foizi kombinat hisobiga to‘g‘ri keladi.